Maqolaning birinchi qismini mana bu havola orqali o'qing: Maqolaning 1-qismi
Maqolaning ikkinchi qismini mana bu havola orqali o'qing: Maqolaning 2-qismi
V – Hayotimni o‘zgartirgan chuqur ishlash tartibi
Sizga kun tartibi kerak. Agar sizga tartib kerak emas deb o‘ylasangiz, ehtimol, sizda allaqachon o‘zingiz yaratmagan kun tartibi borligini anglamayotgandirsiz. Uni ota-onangiz, o‘qituvchilaringiz, ish beruvchilaringiz va jamiyat shakllantirgan. Yoki sizning "kun tartibingiz" — kun tartibining yo‘qligidir, bu ham baribir bir turdagi tartibdir. Lekin bizga shunchaki oddiy kun tartibi kerak emas. Biz shug‘ullanayotgan ishingiz siz istagan hayot sari sezilarli siljish yasashiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Ayniqsa, agar sizda ajratish uchun atigi bir soat vaqt bo‘lsa.
Quyidagi protokol o‘sha bir soatlik vaqtingizga nima munosib ekanligini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, kun davomida ongli ravishda dam olishingizni qat’iy tavsiya qilaman.
Shaxsan men kunlarimni ustuvorliklar zinapoyasi asosida tuzaman. Men eng birinchi ishni ertalab yozishdan boshlayman, chunki bu mening eng katta natija beradigan (eng yuqori richagli) vazifamdir. O‘z bizneslarimda men ma’lumot tarqatish (distributsiya) bilan shug‘ullanadigan odamman. Kompaniyaning muvaffaqiyati mening yozganlarim qanchalik sifatli bo‘lishiga bog‘liq. Bitta post millionlab odamlarga yetib borishi mumkin, bu esa aql bovar qilmaydigan darajadagi samara degani (albatta, bu har doim ham sodir bo‘lavermaydi).
Boshqalar uchun, ayniqsa, ular hali o‘z yo‘lini boshlamagan bo‘lsalar, mahsulotni yaratish (qurish) o‘sha bir soatni sarflash uchun eng muhim vazifa bo‘lishi mumkin. Keyin esa, u yaratilgach (ishning 3 turi borligini eslang: yaratish, qo‘llab-quvvatlash, tiklanish), ular o‘z ustuvorliklarini o‘zgartirishni boshlashlari mumkin. Men ish vaqtimni ikki xil usulda tashkil qilishga moyilman — samaradorlik bloklari va ijodkorlik bloklari. Bular diqqatni jamlashning ikki xil butkul farqli rejimidir. Biri tor doiradagi, ikkinchisi esa ochiq.
Ertalab, birinchi navbatda, eng ustuvor vazifa ustida ishlayman, so‘ngra ijodkorlik bloki sifatida sayrga chiqaman (miyadagi "Passiv rejim tarmog‘i"ni eslang). O‘sha sayr davomida ba’zida kitob o‘qiyman, ba’zida fikrlayman, boshqa paytlarda esa biror muammoni hal qilishga harakat qilaman. So‘ngra o‘sha kungi ish yakunlanmaguncha, ushbu jarayonni yana bir necha bor takrorlayman. Bu ish haqida o‘ylashni qat’iy to‘xtatishga (to‘siq qo‘yishga) yordam beradi va miyamga o‘zi eng yaxshi bajaradigan ishni qilishiga imkon beradi.
Shunday qilib, maqsadlaringiz sari shiddatli siljish davrini boshlash uchun mo‘ljallangan protokol quyidagicha.
1) Kelajak tasavvuri (Vizion) va Aks-tasavvur (Anti-vizion)
Ikki narsani shafqatsizlarcha anglab yeting:
• Nimani istamasligingizni.
• Agar hozirgi harakatlaringizni davom ettiraversangiz, oxiri qayerga borib qolishingizni.
Atrofingizdagilarga nazar soling va o‘ylamasdan qilingan harakatlar qayerga yetaklashini ko‘ring. Bu manzara unchalik yoqimli emas. Bu borada o‘z fikrlaringiz bilan yolg‘iz qoling. Nimani istashingizni (tasavvur orqali) bilishdan ko‘ra, nimani istamasligingizni (tajribangizdan kelib chiqib) bilish osonroqdir.
Shuning uchun, kelajagingiz uchun "aks-tasavvur" (anti-vizion) yarating.
Qo‘lingizga daftar oling va aniqlikka kirishing. Istamaydigan har bir narsangizni va nima uchunligini yozib chiqing. Buni qilayotganingizda ichingizda chuqur noqulaylik hissini tuyishingiz kerak. Toki shu hisni tuymaguningizcha yozishdan to‘xtamang.
Shu noqulaylik hissi bilan birga, eng mayda detallargacha e’tibor bering. Juda mayda detallargacha. Agar hayotingizni noldan yarata olganingizda, u aynan qanday ko‘rinishda bo‘lishini yozing. Har doim erishishni o‘ylagan, lekin "aqlingiz yetmagani" (ratsional emasligi) uchun chetga surib qo‘ygan katta maqsadlaringiz haqida o‘ylang.
Agar do‘stlaringiz va oilangiz bu maqsadlarga erisha olmaysiz deb o‘ylasa, bu undan ham yaxshi.
O‘sha daftarga ushbu narsalarga erishish uchun aynan nima qilishingizni yozing. O‘rganishingiz kerak bo‘lgan har bir kichik narsani qayd eting. Yuqoridan pastga qarab — ideal kelajagingizdan tortib, hozir tashlashingiz kerak bo‘lgan aniq qadamgacha — nimalar qilinishi kerakligini xaritaga tushiring.
Eng oxirida yozadigan narsangiz — siz istagan hayot yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan barcha ehtimoliy chalg‘ituvchi omillar.
Muvaffaqiyat — intizomli bo‘lishdan ko‘ra ko‘proq, intizomni qiyinlashtiradigan chalg‘ituvchi omillarni olib tashlash demakdir.
Keyingi qadam — g‘oyib bo‘ling.
Hayotdan emas, balki sizni eski odatlaringizga bog‘lab turgan narsalardan g‘oyib bo‘ling. Bular ma’lum odamlar, o‘yinlar yoki ilovalar bo‘lishi mumkin. Hammasini birdaniga olib tashlash va o‘sha "ayriliq" og‘rig‘iga chidash — hamma narsani hammaga aytib yurishdan (va ularning "chelakdagi qisqichbaqalar" kabi pastga tortuvchi fikrlarini eshitishdan) osonroqdir.
Boshqacha aytganda, o‘zingizni dabdala his qilishga bo‘lgan qaramlikni to‘xtating. Odatda, bunday hissizlik sizning farovonligingizga befarq bo‘lgan odamlar, mashg‘ulotlar va narsalarga vaqt hamda energiya sarflash natijasida yuzaga keladi.
Siz hech kimga o‘zingizni oqlashingiz yoki tushuntirishingiz shart emas.
2) Maqsadlar iyerarxiyasini yarating
Aql tartibni xohlaydi. Siz istalgan vaqtda murojaat qila oladigan yangi ruhiy doira (frem) yaratishingiz kerak. Va unutmang, o‘zingiz xohlagan hayotni yaratadigan tizimga energiya sarflashingiz zarur, aks holda, xohlaysizmi-yo‘qmi, ongingiz asta-sekin tartibsiz va xaotik bo‘lib qoladi.
Biz hozir aynan shu bilan shug‘ullanyapmiz. Biz yengib bo‘lmas (mustahkam) doira yaratyapmiz. Biz maqsadlarni shunchaki ularga erishish umidida belgilayotganimiz yo‘q.
Katta maqsadlar — yo‘nalish uchun. Kichik maqsadlar — aniqlik uchun. Siz shunchaki bosib o‘tishingiz kerak bo‘lgan yo‘l haqida asosli taxmin qilyapsiz. Haqiqatda o‘sha yo‘l bo‘ylab harakatlanishga kelganda, siz real vaqt rejimida moslashishingiz kerak bo‘ladi, buni biz eng oxirida o‘rganamiz.
Oldingizda turgan vazifa bajarishdan boshqa iloj qoldirmaydigan darajada o‘ta oddiy bo‘lsa, sizga cheksiz motivatsiya kerak bo‘lmaydi.
Kelajak tasavvuringizni kichik qismlarga bo‘ling:
• 10 yillik maqsad yarating.
• Keyin 1 yillik maqsad.
• Keyin 1 oylik maqsad.
• Keyin 1 haftalik maqsad.
Ammo endi bizga ustida ishlashga arziydigan biror narsa kerak. Bu, ehtimol, ko‘pchilikning hayotida yetishmayotgan qismdir.
3) Loyiha asosida o‘rganish
Siz hayotda nimani istamasligingizni bilasiz. Siz hayotda nima xohlayotganingiz haqida ham tasavvurga egasiz. Endi sizga ushbu ikki nuqta o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldiradigan bilim va ko‘nikmalarni egallash kerak.
Yo‘l-yo‘lakay uchrashi mumkin bo‘lgan har qanday ehtimoliy tartibsizlikni tartibga solish orqali, noma’lumlik sari qanday qilib asta-sekin harakatlanish mumkin? Shaxsiy loyihalar orqali.
O‘rganishning eng yaxshi yo‘li — real hayotiy loyihani yaratish va faqat kerak bo‘lgandagina ma’lumot qidirishdir. Qanchalik ko‘p o‘rganishingiz loyihada qanchalik siljishga erishayotganingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir.
Cheksiz "qo‘llanma" (tutorial) videolarni tomosha qilganingizda, miyangizni keraksiz shovqin bilan to‘ldirasiz. Ushbu ma’lumotlarning aksariyati isrof bo‘ladi. Bu haddan tashqari charchashga, xavotirga olib keladi va o‘rganish tezligingizni pasaytiradi. Loyihani amalda bajarish vaqti kelganda esa, go‘yo hech narsa o‘rganmagandek his qilasiz, chunki baribir nima qilishni bilmaysiz. Cheksiz iste’mol qilish cheksiz tanlovlarni keltirib chiqaradi. Bizga esa bu kerak emas.
Misol uchun, odamlar shunchaki darsliklarni ko‘rish orqali Photoshop'ni o‘rganishlari kamdan-kam uchraydigan holat. Ularda yaratmoqchi bo‘lgan biror tasvir bo‘ladi. Ular harakat qiladilar va muvaffaqiyatsizlikka uchraydilar va shu xatodan kelib chiqib, bevosita qo‘llash mumkin bo‘lgan aniq bir narsani o‘rganishadi. Hech qanday bilim isrof bo‘lmaydi. Siz harakat qilasiz, yutqazasiz va kerakli ma’lumotni aynan kerak bo‘lgan paytda qidirasiz.
Qiziquvchilar uchun shuni aytish joizki, "loyiha" har qanday narsa bo‘lishi mumkin. Salomatligingiz loyiha bo‘lishi mumkin. Biznesingiz loyiha bo‘lishi mumkin. Loyiha — bu shunchaki maqsadga erishishning yoki maqsad sari olg‘a siljishning tizimlashtirilgan usulidir.
Hozirgi holatingiz va siz intilayotgan marra o‘rtasidagi ko‘prik — bu o‘zingizda shakllantirgan qadriyatingizni aks ettiruvchi bir qator loyihalardir. Agar xohlasangiz, bu loyihani mahsulotga aylantirishingiz mumkin, chunki siz o‘z hayotingizdagi muammoni hal qildingiz va endi boshqalarga ham shunday qilishga yordam bera olasiz. Hozirgi kunda sifatli loyiha — biznes boshlash yoki hatto bu haqda internetda ma'lumotlar ulashib ishga kirish uchun kerak bo‘lgan yagona malaka hisoblanadi.
Barcha ishlar avtomatlashtirilayotgan bir davrda bu eng so‘nggi va eng yaxshi imkoniyatlardan biridir.
Quyidagicha boshlaysiz:
Hayotingizda istagan narsangiz sari sezilarli siljish yasaydigan, yaratish (qurish) mumkin bo‘lgan biror narsani tanlang. Bunga odatiy maqsad deb qarang, biroq loyiha o‘sha maqsadni tizimga aylantiradi. Eslatma oching va xayolingizga kelgan hamma narsani unga tushiring (fikrlar oqimini yozing). Siz o‘rnak olmoqchi bo‘lgan 3–5 ta ilhom manbasini saqlab qo‘ying. Ushbu manbalarni o‘rganing va ularning tuzilishini tahlil qiling. Loyihani bo‘limlarga, muhim bosqichlarga va o‘rganishingiz kerak bo‘lgan narsalarga ajratib, reja tuzing.
Endi boshlashga tayyor bo‘lganingizda, o‘rganishdan boshlamang. O‘zingiz biladigan narsadan boshlang.
O‘rganish yodlashdan emas, qiyinchiliklar bilan kurashishdan keladi. Loyihani boshlang. U bilimingizdagi kamchiliklarni ochib berishiga yo‘l qo‘ying. Muammoni o‘zingiz yechishga harakat qiling. Javobni aqlingiz uni eslab qolish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan paytda qidiring.
4) Asosiy natija beruvchi vazifalar
Har kuni loyihani yakunlashga yaqinlashtiradigan kamida 1-3 ta ustuvor vazifani bajaring. Bu sizga kerak bo'lgan yagona samaradorlik maslahatidir.
Asosiy qoida quyidagicha: Agar 2 haftadan keyin maqsadlaringiz sari biron bir sezilarli siljishni ko'rmasangiz, demak, siz asosiy natija beruvchi vazifalar (richaglar) bilan shug'ullanmayapsiz. Siz nimadir xato qilyapsiz. Ko'pchilik buni tan olmaydi yoki siljishga erishmaslik uchun ongli ravishda shunchaki "band bo'lib ko'rinish" (busy work) bilan shug'ullanadi, chunki ich-ichidan ular mag'lub bo'lishni xohlashadi.
Bu yanada kattaroq muammo. Sizning ongingiz maqsadlarga erishish imkoniyatlarini payqaydi, biroq ko'pchilikda ongsiz ravishda yoki chuqur dasturlashtirilgan "o'zgarmasdan qolish" maqsadi bor. Ular mag'lub bo'lishni istashadi.
Hozirgacha bizning chalg'ituvchi omillarga qarshi doiramiz quyidagilardan tarkib topdi: vizion (kelajak tasavvuri) → anti-vizion → maqsadlar iyerarxiyasi → loyihalar → asosiy natija beruvchi vazifalar.
Bu ko'proq "oqim" holatlari, zavq va rivojlanishni rag'batlantiradigan mustahkam qayta aloqa halqasini yaratadi. Bu — poydevor. Aynan shu narsa sizni noma'lumlik sari chuqurroq boshlaydi.
Va nihoyat, bu yo'ldagi yuksalishlar, pastlashlar, his-tuyg'ular va noaniqliklar ichida qanday qilib to'g'ri harakat qilish mumkin?
VI – Sizning salohiyatingiz siz qabul qilishga tayyor bo‘lgan noaniqlik miqdori bilan belgilanadi
Noaniqlik — bu shovqin emas, balki signaldir.
Siz o‘zingizni yo‘qotib qo‘ygandek his qilishingiz kerak. Siz haddan tashqari og‘ir yuk ostida qolgandek his qilishingiz kerak. Nima qilayotganingizni mutlaqo bilmayotgandek tuyulishi kerak.
Hayotingizni o‘zgartirishga qaror qilganingizda nima sodir bo‘lishini kutgan edingiz? Biror ishni boshlashga urinishingiz bilan barcha bilim va ko‘nikmalar miyangizga o‘z-o‘zidan quyilib keladi deb o‘ylaganmidingiz?
O‘z ishingizni yaratishga (qurishga) kirishganingizda, siz noaniqlikka to‘la hayotni tanlaysiz, chunki siz butun umr o‘rganishga to‘la hayotni tanlaysiz. Gap shundaki, eng muvaffaqiyatli odamlar bundan cho‘chimaydilar. Ular noaniqlikni xavf deb qabul qilishmaydi, shuning uchun ularda "kurash yoki qoch" (fight or flight) reaksiyasi ishga tushmaydi. Ular ravshan aql bilan noma’lumlik sari qadam tashlay oladilar, bu esa ularga to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Qanday qilib?
Chunki ular barcha ulkan natijalar (yutuqlar) noaniqlikni qabul qilish, boshqarish va uning doirasini kengaytirish qobiliyatiga bog‘liqligini tushunib yetishgan. Ular "aniq" (kafolatlangan) hayot — eng kam mukofot beradigan hayot ekanligini anglab yetishgan.
Ish — tayin (aniq) narsa. Oylik maoshingiz buni tasdiqlaydi. Biznes esa, siz ishlayotgan darajaga qarab, noaniqdir. Mahalliy biznes, agentlik ishi, frilanserlik yoki hatto axborot mahsulotlari bilan boshlash — bu birinchi darajadir. Bu noaniq, lekin oddiy. Jamoa yollash yoki biznes modelini dasturiy ta’minot yoki jismoniy mahsulotlar kabi narsalarga kengaytirish orqali tavakkalni yanada oshirishdan oldin, yiliga taxminan 1 dan 5 million dollargacha daromad chegarasiga (limitiga) egasiz.
Investitsiya bilan ham xuddi shunday. Siz jamg‘armalaringizni "tayin" bo‘lgan 401k pensiya rejasiga tikishingiz mumkin. Bu 1-daraja. Siz aksiyalar bozoriga tikishingiz mumkin — bu 2-daraja. Siz bizneslarga, Bitkoinga yoki undan ham noaniqroq aktivlarga sarmoya kiritishingiz mumkin. Tabiiyki, bular eng yuqori foyda keltiradi, ammo xatar (risk) ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Odamlar xato qilishdan shunchalik qo‘rqishadiki, natijada eng katta xatoga yo‘l qo‘yishadi — ya’ni umuman xato qilmaslikka harakat qilishadi.
O‘zi boshqariladigan avtomobilni tasavvur qiling. Yillar davomida u avtomobilning "ongi"ni shakllantiruvchi tizimni takomillashtiradigan "salbiy teskari aloqa" (xatolar haqida ma'lumot) olib turgan. Endi u yo‘llarda bemalol harakatlana oladi va, ehtimol, inson boshqarayotgan mashinadan ko‘ra xavfsizroqdir. Garchi biz buni ko‘pincha shunday deb o‘ylamasak-da, o‘zi boshqariladigan avtomobil chinakam manzilga yetib borguncha millionlab, balki milliardlab xatolar qilgan.
Men buni o‘qiyotgan har bir kishi maqsad sari harakatni boshlashi bilan darhol muvaffaqiyatga erishadi, deb aytishni istardim. Ammo agar shunday bo‘lganida, maqsad o‘z mazmunini butunlay yo‘qotgan bo‘lardi.
Biz yuqorida bajargan barcha ishlar foydali, lekin men butun jarayon davomida sizning qo‘lingizdan tutib yetaklay olmayman, buni boshqa hech kim ham qilolmaydi. Siz har qanday boshqa muvaffaqiyatli inson bosib o‘tgan aynan bir xil jarayondan o‘tishingiz shart.
Muvaffaqiyatga erishishga qurbingiz yetguncha (uni "sotib olishga" qodir bo‘lguningizcha), o‘z "omadsizliklar portfelingiz"ga sarmoya kiritishingiz kerak.
Muallif: Dan KOE
Manba: Dan Koe X
