Siz hali o‘z imkoniyatlaringiz chegarasiga yaqin ham bormagansiz. Agar o‘sha kuchni qanday ochishni o‘rgansangiz, ko‘pchilik imkonsiz deb hisoblaydigan ishlarni amalga oshira olasiz.
Afsuski, ko‘pchilikda muvaffaqiyat haqidagi tushuncha butunlay teskari shakllangan. Ular biror natijaga erishish uchun xuddi o‘zlari havas qiladigan tadbirkorlar kabi kuniga 12 soat tinimsiz mehnat qilish kerak, deb o‘ylashadi.
Haqiqat shundaki, sizning o‘z mas’uliyatlaringiz bor. Men buni tushunaman. Ayrimlaringiz shunchaki sehrli yo‘l bilan qo‘shimcha vaqt topa olmaysiz. Sizning ishingiz, farzandlaringiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi muhim.
Bu shuni anglatadiki, sizda yaxshiroq kelajak uchun ajrata oladigan, ehtimol, kuniga atigi bir soat vaqtingiz bordir.
Va bu ajoyib holat, chunki siz 365 soat ichida hayotingizni tubdan o‘zgartira olasiz.
• Kuniga bir soat.
• Bitta ahamiyatli loyiha.
• Kelajagingiz uchun bitta aniq tasavvur.
Agar siz birovning orzularini ro‘yobga chiqarish uchun 8 soat sarflay olsangiz, o‘z orzularingiz uchun 1 soat ajrata olasiz.
Sizga ko‘proq vaqt kerak emas. Sizga bor vaqtingizdan maksimal darajada foydalanish imkonini beruvchi teran aniqlik kerak. Va siz harakatlaringiz hayotingizda o‘zgarish yasayotganini his qilishingiz lozim.
Muvaffaqiyatli ijodkorlar va rahbarlarda (qaysiki muvaffaqiyat uchun o‘z hayotini qurbon qilmaganlarda) men sezgan bir qonuniyat shundaki, ular jismonan juda kam ishlashgan, lekin odamlar ularni mehnatkash deb bilishadi.
Aqlan esa ular doim fikrlashgan, reja tuzishgan va strategiyalar ishlab chiqishgan. Ular o‘z xayollarida ishlashgan. G‘oyalari aniq bo‘lgach esa, ular boshqalar raqobatlasha olmaydigan tezlikda harakatga kirishishgan.
Samaradorlik xuddi fitnesga o‘xshaydi; siz ovqatlanmasdan va uxlamasdan kuniga 8 soat shug‘ullanib, o‘sishga erishishni kutmagan bo‘lardingiz. Xuddi shu narsa aqlga ham tegishli.
Shunday ekan, ishning 3 xil turi mavjud:
1. Yaratish (Qurish) – Mahsulot, xizmat yoki brend kabi biror loyihani hayotga tatbiq etish uchun qilinadigan chuqur va qizg‘in mehnat.
2. Qo‘llab-quvvatlash – Marketing yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish kabi, siz yaratgan narsani yuritish uchun tizimlashtirilgan, barqaror va ko‘pincha takrorlanuvchi ishlar.
3. Tiklanish – Deyarli hamma e’tiborsiz qoldiradigan ongosti ishi. Bu dam olish, hordiq chiqarish va diqqatni zo‘riqtiruvchi stressdan xoli bo‘lishdir; aynan shu holat ishingiz kelajagini belgilovchi inqilobiy g‘oyalar tug‘ilishiga imkon beradi.
Demak, sizning maqsadingiz – o‘zingiz istagan ish bilan to‘liq vaqt davomida shug‘ullana oladigan darajaga yetguningizcha, kuniga bir soatdan "yaratish" bo‘lishi kerak. Shundan so‘nggina siz "qo‘llab-quvvatlash" ishiga o‘tish haqida o‘ylashni boshlaysiz.
Ammo nimani yaratasiz?
Chalg‘ituvchi omillarni va sizga dushman bo‘lib tuyuladigan ichki ovozni qanday yengib o‘tasiz?
Har kuni harakat qilish uchun tuganmas motivatsiya manbaini qayerdan topasiz?
Ushbu savollarning javobi hayotingizning katta qismini belgilab beradi.
Siz bilan "chuqur samaradorlik" bo‘yicha 6 ta g‘oyani bo‘lishmoqchiman. Bu shunchaki "o‘tir va ishla" degani emas, chunki bu gap yetarlicha aytib bo‘lingan va ko‘rinib turibdiki, hammaning ham muammolarini hal qilib bermagan.
Sizga mohiyatni tushunish kerak. Biz diqqat psixologiyasini, chalg‘ituvchi omillar qanday ishlashini va nihoyat, o‘sha kunlik bir soatingizni samarali qilish uchun foydalanishingiz mumkin bo‘lgan qoidalar to‘plamini (protokolni) tahlil qilib chiqishimiz zarur.
Bu X (Twitter)ni portlatib yuborayozgan o‘tgan maqolaning 2-qismi — uzr, Ilon.
Bunisi ham xuddi shunday keng qamrovli bo‘ladi. Bu samaradorlik bo‘yicha to‘liq mahorat darsi bo‘lib, siz bitta maqolaning o‘zidan 10 ta kitobga teng bilim olishingiz mumkin.
Mening umidim shuki, bu maqola orqali sizda hayotdan nima istashingiz va unga qanday erishish borasida aniqlik his qilishdan boshqa tanlov qoldirmayman. Shu sababli, matn uzun bo‘ladi. Sizdan so‘raydiganim faqat shu: butun diqqat-e‘tiboringizni qarating. Agar hozir vaqtingiz bo‘lmasa, uni saqlab qo‘ying va keyinroq qaytib o‘qing.
Qani, boshladik.
I – Nega o‘tirib ishlash shunchalik qiyin?
Ichki kechinmalarning eng maqbul holati — bu ongda tartib o‘rnatilgan holatdir. Bu ruhiy energiya — yoki diqqat — real maqsadlarga yo‘naltirilganda hamda ko‘nikmalar harakat qilish imkoniyatlariga mos tushganda yuz beradi. Maqsad sari intilish ongga tartib olib kiradi, chunki inson diqqatini ayni paytdagi vazifaga jamlashi va boshqa barcha narsalarni bir zumga unutishi lozim bo‘ladi.
– Mihay Chiksentmihayi
Sizning aqlingiz — hayot o‘yinini boshqaruvchi superkompyuterdir. Sizning diqqatingiz (g‘oyat tanqis resurs) — bu tezkor xotira (RAM)dir.
RAM, texnik tildan xabari yo‘qlar uchun aytganda, "tezkor xotira"ni anglatadi. U kompyuterning ishlash tezligi va samaradorligini belgilaydi.
Qancha ko‘p dastur va brauzer oynalari ochiq bo‘lsa, kompyuteringiz shunchalik sekin ishlaydi. Aql ham xuddi shunday ishlaydi, lekin bitta muhim, nozik jihati bor... aqlingiz qancha ma'lumotni qayta ishlashida chegara (limit) mavjud.
Insonlar soniyasiga taxminan 50 bit ongli axborotni qayta ishlay oladi. Ongosti esa soniyasiga taxminan 11 million bitni boshqara oladi (bu yurish, his qilish, saqlangan odatlar yoki qoliplardan foydalanish kabi ishlar uchun), ammo bu hozir mavzudan tashqari gap.
Boshqacha aytganda, hammasini hisoblaganda, sizda butun umringiz davomida "sarflash" uchun taxminan 125 milliard bit axborot mavjud. Bor-yo‘g‘i shu. Bu — sizning salohiyatingiz. Siz diqqat qaratgan har bir narsa bu raqamni ozgina miqdorga kamaytirib boradi. Bu sizni dahshatga solishi kerak.
Afsuski, ko‘pchilik bir vaqtning o‘zida ishlayotgan, katta quvvat talab qiluvchi bir nechta "dasturlar" bilan yashaydi. Ular diqqatini jamlay olmasligi ajablanarli emas. Ularning diqqati o‘tmishdagi afsuslanarli xatolar, kelajakdagi stressli vazifalar, bulardan qochish uchun ko‘ngilxushlikka bo‘lgan istaklar va bajarilishi kerak bo‘lgan-u, ammo unutilgan "ochiq qolgan vazifalar halqasi" (axlatni olib chiqishni unutgan yigitlar, gapim sizlarga tegishli) o‘rtasida bo‘linib ketgan.
Chalg‘ituvchi narsalar ro‘yxati shu tarzda davom etaveradi va xavf aynan shunda.
Agar entropiya nimaligini tushunsangiz, shuni ham anglaysizki, hayotingizda hech narsa qilmaslik — uni faqat yanada tartibsiz va og‘ir holatga keltiradi. Siz bir xil holatda turmaysiz. Siz harakat qilmasdan turib ham o‘zingizni yanada chuqurroq botqoqqa botirasiz.
Yaxshi hayot o‘z maqsadlaringiz sari izchil harakatni talab qiladi. Siz bu hisni bilasiz. Hamma narsa o‘z o‘rniga tushib, huzur bag‘ishlaydigan ish jarayoniga sho‘ng‘ib ketgan paytingizdagi holat. Men sizga buni qanday qilib qayta hosil qilishni ko‘rsatmoqchiman.
Entropiya, qiziqqanlar uchun aytganda, fizikaning eng asosiy tamoyillaridan biridir. Oddiy qilib tushuntirganda, narsalarning tartibli bo‘lishidan ko‘ra tartibsiz bo‘lish ehtimoli (usullari) ancha ko‘p, shuning uchun tizimlar tabiiy ravishda tartibsizlikka va ko‘pincha yanada xaos (betartiblik) holatiga intiladi. Narsalarni tartibli saqlash uchun energiya sarflash talab etiladi.
Hayotiy misol keltiradigan bo‘lsak: agar siz kitob javoningizni tartibda saqlash uchun kuch sarflamasangiz, kitoblar uyingizning har bir burchagida, do‘stingizning uyida va o‘zingiz xayolingizga ham keltirmagan joylarda paydo bo‘lib qoladi. Javoningizni tartibga solmasdan qancha uzoq yursangiz, oxir-oqibat bunga qaror qilganingizda, shuncha ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, agar xonangizni yig‘ishtirishga hafsala qilmasangiz, u asta-sekin tartibsizlanib boraveradi. Oqibatda, ishga kiyadigan yaxshi paypoqlaringiz o‘tgan haftadan qolgan pitsa qutisi ostida qolib ketgani uchun ishga kechikasiz.
Ruhiy entropiya (yoki aqlning tartibsizlikka moyilligi) diqqat va chalg‘ituvchi omillarga nazar solishda foydali o‘xshatish (metafora) bo‘lishi mumkin. Bu ijodkorlik uchun foydali bo‘lishi mumkin — buni biz yaxshiroq kun tartibi haqida gaplashganimizda o‘rganamiz — ammo gap diqqatni jamlab ishlash haqida ketganda, nega bitta narsaga butun vujudingiz bilan kirishib ketolmasligingiz sababi kundek ravshan. Sizda aniqlik yo‘qligi uchun ham samarali emassiz.
Sizda aniqlik yo‘q, chunki siz diqqatingizni biror chalg‘ituvchi narsaga og‘ishiga yo‘l qo‘yasiz va ko‘z ochib yumguncha, aqlingiz xuddi talabalar bazmi tugagan paytga o‘xshab qoladi. Hamma yoqda odamlar hushidan ketib yotibdi va siz tozalashni nimadan boshlashni ham bilmay qolasiz. Yaxshi tomoni shundaki, yechim oddiy, ammo juda kuchli.
Muallif: Dan KOE
Manba: Dan Koe X
Maqolaning ikkinchi qismini mana bu havola orqali o'qing: Maqolaning 2-qismi