Ilya Strebulaev darslaridan xulosalar (3-qism): HOME RUNS MATTER, STRIKEOUTS DON'T
O'qish uchun:3 daq.
Reytingi:5
29.10.2025

Ilya Strebulaev darslaridan xulosalar (3-qism): HOME RUNS MATTER, STRIKEOUTS DON'T

Nega VClar muvaffaqiyatsizlik bilan yonma-yon yurishadi?

Ko‘pchilik odamlar uchun eng katta xavf bu yomon qaror qabul qilib, pulni yo‘qotish. Shu sababli ular muvaffaqiyatsizlikdan qochishga intilishadi. Ammo Silikon vodiysidagi venchur kapitalchilar (VC) bunday o‘ylamaydi. Ularning eng katta qo‘rquvi bu imkoniyatni qo‘ldan boy berish. Mashhur investor Bill Gurli aytganidek:

“Agar ishlamaydigan loyihaga sarmoya qilsangiz, eng ko‘pi bilan 1X pulingizni yo‘qotasiz. Ammo Google’ni qo‘ldan boy bersangiz — 10,000X yo‘qotasiz.”

VC dunyosida “qilmaslik xatosi” (errors of omission) “qilish xatosidan” (errors of commission) ancha og‘ir oqibatlarga ega. Yomon startapni qo‘llab, pul yo‘qotish yomon, lekin eng katta imkoniyatni o‘tkazib yuborish butun fond yoki hatto karerangizni o‘zgartirib yuboradigan xatolik. Shuning uchun Mike Maples aytadi: “Xavfni muvaffaqiyatsizlik ehtimoli deb emas, balki ulkan muvaffaqiyat ehtimoli deb o‘ylash kerak.”

VClar shunday fikrlashni o‘zlashtirgan: ular ko‘plab urinishlarning muvaffaqiyatsiz bo‘lishiga tayyor, lekin bitta ulkan g‘alaba barcha yo‘qotishlarni qoplaydi. Bessemer Venture Partners hatto o‘zining “antiportfolio” sahifasini yuritadi, ya’ni ular sarmoya kiritmagan, lekin keyinchalik yirik kompaniyaga aylangan loyihalar ro‘yxatini (Apple, Google, Airbnb, Zoom, PayPal). Ular xatolarini ochiq tan olishni va ulardan saboq chiqarishni afzal ko‘rishadi.

Home run strategiyasi. 20 ta startapdan odatda: 12 – 15 tasi to‘liq muvaffaqiyatsiz bo‘ladi, investorlar hamma pullarini yo‘qotadi. 3 – 4 tasi o‘zini oqlaydi, dastlabki sarmoyani qaytaradi, biroz foyda ham keltiradi. Faqat 1 tasi ulkan daromad beradi (10X yoki 100X). Shu bitta kompaniya barcha zararlarni yopib, fondni yutqazmaydigan qiladi. Shu sababli VClar individual muvaffaqiyatsizliklarga e’tibor bermaydi. Ular butun portfel natijasi haqida o‘ylashadi.

Diversifikatsiya, lekin boshqacha. Oddiy investorlar xavfni kamaytirish uchun bozor bo‘ylab keng tarqalgan diversifikatsiya qilishadi. Masalan, ular Apple, Microsoft, Coca-Cola va Tesla aksiyalarini olib, bitta kompaniya yiqilsa ham boshqalari tortib chiqishini xohlashadi. VC esa bunday qilmaydi: ular o‘nlab startaplarga kichik-kichik ‘bet’ tashlaydi. Ular biladi: o‘nlab urinishlarning aksariyati yiqiladi, lekin bitta ulkan g‘alaba butun portfel natijasini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, agar fond 20 ta startapdan 19 tasida pulini yo‘qotsa ham, faqat bitta kompaniya, aytaylik, Uber yoki Airbnb, 100X daromad bersa, bu barcha zararlarni yopadi va fondni yirik muvaffaqiyatga aylantiradi. Shuning uchun VClar doimo ‘10X yoki 100X natija’ beradigan yutug‘ini qidiradi.

3M va Post-it saboqlari. Bu zehniyat faqatgina Kremniy vodiysiga hos emas. 3M kompaniyasining mashhur Post-it stikerlari ham avval xato natijasida yaratilgan: kuchli yelim izlashayotganda tasodifan kuchsiz, qayta ajraladigan yelim ishlab chiqilgan. Yillar o‘tib, bu “foydasiz” mahsulot muammoga yechim topib, milliard dollarlik biznesga aylandi. 3M rahbariyati xodimlariga xatolardan qo‘rqmaslikka imkon berdi, “har qanday g‘oyani amaliyotda qo'llab ko‘rish kerak” degan siyosat olib bordi. Ammo keyinchalik kompaniya Six Sigma kabi qat’iy samaradorlik tizimlarini qo‘llay boshlagach, o'zining innovatsion yondashuvini yo‘qotdi. Sababi bunday tizimlar xatoni kamaytirishga qaratilgan, ijodiy xavf-xatarni esa “defekt” sifatida ko‘radi.

Korporatsiyalar va VC mentaliteti. Ko‘plab yirik kompaniyalarda rahbarlar xavfsiz yo‘lni tanlashadi: ular muvaffaqiyatsiz loyihadan qo‘rqishadi, chunki bunga javobgar bo‘lishadi. Ammo amalga oshmagan, lekin ulkan natija berishi mumkin bo‘lgan loyihani e’tiborsiz qoldirishadi. Shuning uchun korporatsiyalar ko‘pincha katta imkoniyatlarni boy beradi.

VClar esa aksincha, xatolarini ochiq tan olishadi, tajriba qilishadi, tez-tez yiqilishadi, lekin oxir-oqibat katta g‘alabalarga erishishadi.

Muallif: Alisher Sa'dullayev Manba

Baholang: